Izlash

Kengaytirilgan qidiruv

 

 
 

 
 
 

Axborotlashtirish sohasidagi tadbirkorlikka oid me’yoriy asos muhokama qilindi

2016-08-29

2016 yilning 24 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha qo‘mitasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamkorlikda "Axborot sohasidagi tadbirkorlik faoliyatiga oid me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish" mavzusida davra suhbatini tashkil etdilar.

Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad aloqa-axborotlashtirish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun yanada qulay me’yoriy-huquqiy asosni yaratish, shaxsiy mulk va xususiy tadbirkorlikning huquqiy himoyalanganlik darajasini yanada mustahkamlashdan iborat.

Biznes sohasi vakillari va ekspertlar ishtirok etgan davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasining "Elektron hukumat to‘g‘risida"gi, "Elektron tijorat to‘g‘risida"gi qonunlarining tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashdagi ahamiyati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 20 sentyabrdagi mahalliy dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlashga oid 2042-son, 2014 yil 4 martdagi "Iqtisodiyotning real sektoriga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida"gi qarorlari asosida axborot texnologiyalari sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlar atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining "«Qonunchilik hujjatlarining ta’sirini baholash tizimi sayti»ga qo‘yilgan kichik biznes sub’ektlari hisoblangan muassasa va tashkilotlarning klassifikatsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori loyihasi yuzasidan ham fikrlar tinglandi.

Davra suhbatida qayd etilganidek, mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov boshchiligida amalga oshirilayotgan tizimli va bosqichma-bosqich islohotlarning samarasidir. Tadbir yakunida mazkur sohada faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun yanada qulay me’yoriy-huquqiy asosni yaratish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.